Buxoro Viloyati Hokimi
Barnoev O'ktam Isaevich
virtual qabulxonasi
Bosh sahifa /  Yangiliklar /  Konstitutsiya va demokratik saylov qonunchiligi
Konstitutsiya va demokratik saylov qonunchiligi

Jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan xalqaro huquqning andozalari, rivojlangan demokratik davlatlarning yuridik amaliyoti, milliy-tarixiy an’analarimiz asosida yaratilgan bebaho hujjat—O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul kilinganiga 8-dekabr kuni 24 yil to’ladi. Biz har yili bu kunni intiqlik bilan kutamiz va tantanali tarzda bayram qilamiz. Chunki bu kun mamlakatimiz ozodligi, xalqimiz erkinligi, shaxc erki va huquqining, yurt tinchligi va osoyishtaligining, istiqbol va istiqlolning, ijtimoiy hayot va taraqqiyotning huquqiy poydevori bo’lgan Asosiy Qonunimiz tug’ilgan kundir. Bu kun—milliy davlatchiligimiz tarixida zarhal harflar bilan yozilgan muqaddas kun.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining munosib a’zosi bo’lgan jonajon O’zbekistonimiz demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda dadil va shaxdam qadamlar bilan bormoqda. Ana shu ulug’ maqsad yo’lida bizning Konstitutsiyamiz yo’lchi yulduz maqomida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotimizning, turmush tarzimizning huquqiy kafolati va poydevori bo’lib turibdi. Bizning Konstitutsiyamiz xalqaro huquqning barcha andozalari doirasida yaratilgan. Undagi xalq hokimiyatchiligi, davlat suvereniteti, fikrlar xilma-xilligi (plyuralizm), ko’ppartiyaviylik, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi, hokimiyat taqsimoti, shaxs erki va huquqining oliy qadriyat darajasida ekanligi, so’z, matbuot va saylov erkinligi, xususiy mulkiy munosabatlarning ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi va boshqa tamoyillar jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan huquqiy hujjatlarda alohida ahamiyatga molik tamoyillar sifatida qayd etilgan.

Istiqlol yillarida Konstitutsiyamizning jozibador qoidalari va hayotbaxsh tamoyillariga amal qilib, ko’zlangan maqsadga erishyapmizmi? Albatta, ha!

Avvalambor, biz siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka erishdik, xalqaro munosabatlarning mustaqil sub’ektiga aylandik, bozor iqtisodi munosabatlarini o’rnatdik, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati sari ilgarilab bormoqdamiz.

Davlat va ijtimoiy tuzumni himoya qila oladigan, demokratik va iqtisodiy islohotlarni amalga oshira oladigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlay oladigan ijro hokimiyati va o’zini-o’zi boshqarish tizimi yaratildi.

Sud-huquq tizimi yangi mazmun bilan boyitildi. Sud jazolovchi organdan huquq va erkinliklarni himoya etish organiga aylantirildi, yangi huquqiy baza yaratildi. Sudlar ixtisoslashtirildi. Jinoiy jazo tizimi erkinlashtirildi. Jinoyat kodeksidagi og’ir va o’ta og’ir toifadagi jinoyatlarning to’rtdan uch qismi yoki 75 foizi ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan va uncha og’ir bo’lmagan jinoyatlar turkumiga kiritildi, yarashuv instituti joriy etildi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy kutib olingan yana bir hodisa to’g’risida gapirmasdan bo’lmaydi: 2008 yil 1 yanvardan e’tiboran davlatimizda o’lim jazosi bekor qilindi va qamoqqa sanktsiya berish vakolati prokuratura organlaridan sudlarga o’tkazildi. Binobarin, mamlakatimizda bu borada qabul qilingan qonunlar jinoiy jazolashning dunyodagi eng insonparvar huquqiy tizimini yaratdi, deyishga to’la asos bor.

Fuqarolik jamiyatining yangi institutlari vujudga keldi, huquqiy madaniyat va huquqiy ongni yuksaltirishga alohida e’tibor berildi.

Milliy iqtisodiyot shakllantirildi, g’alla va yoqilg’i-energetika mustaqilligiga erishildi, rang-barang bozor infratuzilmasi institutlari yaratildi, savdo va xizmat ko’rsatish sohasi davlat tasarrufidan chiqarildi, mulkdorlar va tadbirkorlar sinfi vujudga keldi, moliya va bank tizimi yangi asosda qayta qurildi, milliy valyutamiz 2003 yildan boshlab konvertatsiya qilinadigan bo’ldi.

Ijtimoiy himoya borasida aholining nochor qatlamlari manfaati hamisha alohida e’tibor ostida bo’ldi. "O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida"gi, "Fuqarolarning pensiya ta’minoti to’g’risida"gi, "Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida"gi, "Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida"gi, "Homiylik to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasining Qonunlari, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qator qaror va farmonlari, O’zbekiston Respublikasi hukumatining ko’pdan-ko’p qarorlari ijtimoiy himoyaning huquqiy asosini tashkil etmoqda.

Davlat tizimidagi islohotlar yanada takomillashib bormoqda:

a) Ikki palatali parlamentni barpo etish;

b) Prezident vakolatlarining bir qismini Senatga o’tkazish, Bosh vazir vakolatlarini kuchaytirish;

v) Prezidentning davlat rahbari sifatida ixcham va samarali vakolatini belgilash;

g) Siyosiy partiyalar rolini oshirish, parlamentdagi ko’pchilik va parlamentdagi muxolifat maqomini qonuniy tarzda belgilash, siyosiy partiyalar fraktsiyalari rahbarlarini Qonunchilik palatasi spikerining o’rinbosari etib saylanishi, Bosh vazir nomzodi bo’yicha siyosiy partiyalar fraktsiyalari bilan maslahatlashish tartibi va uning parlament tomonidan tasdiqlanishi, siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyalariga Bosh vazirni iste’foga chiqarish, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlariga esa viloyat hokimlarini iste’foga chiqarish to’g’risida tashabbus bilan chiqish huquqining berilishi demokratik islohotlarning mazmunini tashkil etmoqda. Davlat hokimiyati markaziy organlarining vakolat va vazifalari (iqtisodiy va ijtimoiy masalalarda) mahalliy hokimiyat organlariga va o’zini-o’zi boshqarish organlariga, mahallalarga bosqichma-bosqich o’tkazildi va o’tkazilmoqda.

2016 yil davlat byudjeti siyosatining kontsepsiyasida asosiy e’tibor byudjet xarajatlarining ijtimoiy yo’naltirilganligini kuchaytirishga, aholini manzilli ijtimoiy qo’llab-quvvatlash hamda byudjet muassasalari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini oshirish evaziga fuqarolar farovonligini izchil yuksaltirishga qaratilgan. Zero, ijtimoiy xarajatlar ulushi 2015 yildagi 58,7 foizdan 2016 yilda 59,2 foizgacha oshirilishi ko’zda tutilgan.

Shu narsani alohida ta’kidlash zarurki, istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizning Birinchi Prezidenti rahnamoligida o’tkazilgan demokratik va iqtisodiy islohotlar zamirida (yillarimiz qaysi nom bilan atalmasin) inson va oilaning manfaati, uning moddiy farovonligi va ma’naviy-ma’rifiy qiyofasini yuksaltirish maqsadi yotadi. Oilani har tomonlama qo’llab-quvvatlash, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish davlatimiz ijtimoiy siyosatining markazida bo’lib kelmoqda. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, "Oila yili", "Sog’lom avlod yili", "Onalar va bolalar yili", "Yoshlar yili", "Barkamol avlod yili", "Mustahkam oila yili", "Sog’lom ona va bola yili" Davlat dasturlari ushbu fikrni tasdiqlovchi hujjatlardir. Bu hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi ijtimoiy hayot va turmush tarzimizda jahon havas qilsa arzigulik ijobiy ko’rsatkichlarga olib keldi: bugungi kunda fuqarolarimizning o’rtacha umri 74-75 yoshni tashkil etib turibdi, 25 yil ichida oilada nikoh bilan bog’liq "qo’ydi-chiqdi"lar ikki baravarga, voyaga etmaganlar o’rtasida sodir etilgan huquqbuzarliklar va har 100 ming aholi hisobiga sodir etilgan jinoyatlar ikki-uch baravarga, bolalar va onalar o’limi uch yarim baravarga kamaydi, oilalarning yillik o’rtacha daromadi 3,4 martaga ko’paydi va hokazo.

"Sog’lom ona va bola yili" Davlat dasturida ko’rsatib o’tilgan vazifalar mundarijasiga e’tibor beraylik: oila qonunchiligi va bu boradagi me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, yosh oilalarga e’tibor va g’amxo’rlikni kuchaytirish, Ona va bola yili maqsad hamda vazifalarini hayotga tatbiq etishda mahalla va fuqarolarning, o’zini-o’zi boshqarish organlarining rolini yanada kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etishda davlat va nodavlat tashkilotlarining imkoniyatlaridan foydalanish, "Sog’lom ona—sog’lom farzand" tamoyiliga asoslangan tizimni yanada takomillashtirish, oila institutining ta’lim va tarbiya muassasalari bilan o’zaro hamkorligini, amaliy hamjihatligini mustahkamlash, jamiyatimizning ma’naviy negizlarini yanada rivojlantirish va hokazo.

Konstitutsiyamizda hokimiyat taqsimotidagi aniqlik, qonunchilikda mafkuraviylik va sinfiylikka barham berilishi, fuqaro va davlat o’rtasidagi o’zaro huquq va majburiyatlar mutanosibligi, mulk shakllarining xilma-xilligi, qonun ustuvorligi, ijtimoiy-mafkuraviy munosabatlarda hur fikrlilik va boshqa printsipial ahamiyatga molik qoidalar va normalar silsilasi uyg’unlashtirilganki, ular jahon qonunchiligi amaliyotidagi konstitutsiyaviy moddalarda bunchalik darajada rasmiylashtirilmagan. Bunday fikrni asoslash uchun Asosiy Qonunimizning VII bobidagi 24-31-moddalar fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga, VIII bobidagi 32-35-moddalar ularning siyosiy huquqlariga, IX bobidagi 36-42-moddalar jamiyat a’zolarining iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari mazmun-mohiyatiga qisqagina nazar tashlasak, shuning o’zi etarli bo’ladi. Bu bo’lim inson va fuqarolarning huquqlari, burchlari va erkinliklariga bag’ishlangan. Mazkur bo’limdagi qoidalar dunyo davlatlari tan olgan xalqaro huquq normalariga hamohangdir. Konstitutsiyamizda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va burchlariga taalluqli barcha moddalar yuqorida ta’kidlaganimizdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan tashqari Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar to’g’risida xalqaro Pakt (1966 yil), fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro Pakt (1966 yil) va shu Paktlarga alohida ilova qilingan Protokol (1966 yil)dagi moddalarga to’la muvofiq keladi. Bu xalqaro huquqiy Aktlarda yashash huquqi, ozodlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, sud himoyasi huquqi, turar joy huquqi, ko’chib yurish huquqi, yozishmalar va telefonda so’zlashish daxlsizligi huquqi, hur fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi huquqi, davlatni boshqarishda ishtirok etish huquqi, mitinglar, yig’ilishlar o’tkazish huquqi, uyushmalarga birlashish huquqi, ariza va shikoyat qilish huquqi, mulkga ega bo’lish huquqi, mehnat huquqi, moddiy ta’minot huquqi, pensiya va to’lov huquqi, tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, ilm olish huquqi, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi va boshqa qirqdan ortiq ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-madaniy huquqlar va erkinliklar o’z aksini topgan. Kishilarning erki va irodasi ifodasi bo’lmish huquqlarning amalga oshishini ta’minlovchi vositalardan biri ularning Konstitutsiyada kafolatlanishidir. Shunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-46-moddalari inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishiga bag’ishlangan.

Mana, 22 yildirki, mamlakatimizda har bir yangi yil yangi nom bilan kutib olinadi. Bu nomlarning atalishi bir-biridan so’z bilan farqlansa-da, aslida ular o’z mazmun-mohiyatiga ko’ra bir maqsadga — inson va fuqaroning turmush tarzini yuksaltirish, uning haq-huquqini har tomonlama muhofaza etishni ta’minlashga qaratilgan.

Yaqinda, aniqrog’i, 4 dekabrda mamlakatimizda bo’ladigan Prezident saylovining huquqiy asoslarini ham Konstitutsiya belgilab bergan.

Asosiy Qonunimiz mustaqil davlatimizning saylov tizimi va umumiy saylov qonunchiligining huquqiy poydevoridir. Uning 117-moddasida: "O’zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega. Har bir saylovchi bir ovozga egadir. Ovoz berish huquqi, o’z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi", deyilgan. Konstitutsiyaning 77-moddasida O’zbekistonda saylovlar ko’ppartiyaviylik asosida o’tishi belgilab berilgan. Respublikamizda saylov qonunchiligini shakllantirish birinchi navbatda xalqaro huquqning umumiy tan olingan andozalari asosida amalga oshirildi. Zotan, Konstitutsiyamizning muqaddimasida ko’rsatilganidek, davlatimiz qonunchiligida "...xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligi" tan olininishi tamoyil darajasiga ko’tarilgan.

Saylov huquqiga oid 30 ga yaqin xalqaro hujjatlar mavjud bo’lib, ularning eng muhimlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan. Saylov tizimiga taalluqli barcha xalqaro normativ-hujjatlar davlatimiz saylov Qonunchiligida o’zining to’la ifodasini topgan va bu holat O’zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligining quyidagi asosiy tamoyillari va xususiyatlarida yaqqol namoyon bo’ladi.

Jumladan, "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunda, Konstitutsiyamizda va "O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida"gi Qonunda (yangi tahrirda) saylov xalq o’z hokimiyati va xohish-irodasini to’g’ridan-to’g’ri ro’yobga chiqarishining oliy ifodasi, davlat hokimiyati organlarini demokratik tarzda tashkil etishning negizi ekani qayd etiladi.

O’zbekiston saylov qonunchiligida umumiy saylov huquqi tamoyili mustahkamlangan. Har bir fuqaro saylov kuniga qadar yoki saylov kunida Konstitutsiyada va saylov to’g’risidagi qonunlarda belgilangan muayyan yoshga to’lishi bilan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega hisoblanadi. Umumiy saylov huquqi fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg’ulotining turi va xususiyati kabi holatlardan qat’i nazar, hech qanday kamsitishlarsiz ro’yobga chiqariladi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar.

Teng saylov huquqi tamoyili "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunning 1-moddasida, "O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida"gi Qonunning 3-moddasida mustahkamlangan. Har bir fuqaro-saylovchi bir ovozga ega va boshqa fuqarolar bilan tengma-teng tarzda o’zining ana shu ovozga egalik huquqini amalga oshira oladi. Bir mandatli saylov okruglari bo’yicha ovoz berishda ushbu okruglar tenglik asosida tashkil etilishi ta’minlanadi.

Har bir saylovchi o’zining erkin ovoz berishda ishtirok etish huquqidan foydalanish maqsadida saylov uchastkasiga, shuningdek, ovoz berish xonasiga teng asoslarda va hech qanday to’siqlarsiz kirish huquqiga egadir. Har bir fuqaro saylovda o’z nomzodini ko’rsatish imkoniyatidan foydalanishda ham teng huquqlarga ega.

To’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi fuqarolarning saylovda nomzod uchun bevosita, ya’ni to’g’ridan-to’g’ri ovoz berishi demakdir.

Yashirin ovoz berish tamoyili saylovchilar xohish-irodasining qanday tarzda bo’lmasin nazorat qilinishini istisno etish, erkin saylov uchun teng shart-sharoit ta’minlash kabi maqsadlarni ko’zda tutadi.

Davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar majburiy bo’lib, Konstitutsiyada, konstitutsiyaviy va saylov to’g’risidagi qonunlarda belgilangan muddat—har besh yilda muntazam ravishda o’tkazib boriladi.

Saylov qonunchiligida saylovlarning ochiqligi va oshkoraligi tamoyiliga alohida o’rin berilgan.

Saylovlarning erkinligi tamoyili fuqarolarning saylovda ishtirok etishi erkin va ixtiyoriyligida namoyon bo’ladi. Hech kim ularning muayyan nomzod uchun "tarafdor" yoki "qarshi" ovoz berishga majbur etish huquqiga ega emas.

O’zbekiston saylov qonunchiligi saylovchilarga nomzodlarni tanlash, saylash imkonini beradi. Hozirgi kunda yurtimizda tom ma’nodagi siyosiy plyuralizm, g’oyalar xilma-xilligi, ko’ppartiyaviylik tizimi amal qilmoqda. Saylov ko’ppartiyaviylik asosida amalga oshiriladi ("O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunning 24-moddasi, "O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida"gi Qonunning 1-moddasi). Saylovlarda saylovchilarning nomzodlar, siyosiy partiyalar nomzodlarining ro’yxatlari, shuningdek, saylov jarayonlari to’g’risidagi axborotga ega bo’lishi, nomzodlar va siyosiy partiyalarning esa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish imkoniyati ta’minlanadi. Saylovlarning belgilangan muddat va tartiblari nomzodlar, siyosiy partiyalar va saylov jarayonining barcha ishtirokchilari to’laqonli saylovoldi tashviqot kampaniyasini uyushtirishlari uchun imkon beradi. Mamlakatimizda haqiqiy saylovlar o’tkazilishini ta’minlash maqsadida barcha nomzodlar va siyosiy partiyalarni ro’yxatga olish uchun teng huquqiy shart-sharoit yaratilgan.

Fuqarolarning saylash va saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini amalga oshirishlariga zo’ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo’l bilan qarshilik ko’rsatuvchi shaxslar, shuningdek, soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto’g’ri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo’l qo’ygan saylov komissiyalarining a’zolari, boshqa mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalarning vakillari qonunga muvofiq javobgar bo’ladilar.

O’zbekiston saylov qonunchiligi adolatli saylovlar tamoyiliga amal qilishi uchun tegishli huquqiy negizga ega. Adolatli saylovlar tamoyilini joriy etish orqali quyidagilarni ta’min etilishi ko’zda tutiladi:

Umumiy va teng saylov huquqi har bir nomzod yoki har qaysi partiyaga saylov kampaniyasida ishtirok etish, shu jumladan, -ommaviy axborot vositalaridan foydalanish borasida teng shart-sharoit yaratib berilishi, saylovlarning, nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylov kampaniyalarini adolatli va oshkora moliyalashtirilishi, ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish chog’ida halollikning ta’minlanishi, saylovning jami yakunlarini rasmiy nashr ettirish yo’li bilan ovoz berish natijalaridan to’la va tezkor xabardorlikni yo’lga qo’yish, saylov jarayonlarining mustaqil saylov komissiyalari tomonidan tashkil etilishi va ushbu komissiyalarning jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar nazoratida ochiq va oshkora ishlashi, fuqarolar, siyosiy partiyalar nomzodlari, saylovning boshqa ishtirokchilari saylov huquqlari va erkinliklari buzilganligi ustidan qilgan shikoyatlari sudlar va qonun bo’yicha tegishli vakolat berilgan boshqa organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan saylov jarayonlarining tegishli bosqichlari uchun belgilangan muddatlar doirasida tez va samarali ko’rib chiqilishi alohida ahamiyatga molik tamoyillardir.

Saylov komissiyalarining qonunda belgilangan vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari va normativ hujjatlari barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlarning, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining ijrosi uchun majburiydir. Davlat organlari va jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o’z vakolatlarini amalga oshirishga yordam berishlari, ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishlari shart.

Davlat saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar, siyosiy partiyalar o’z saylov kampaniyasini moliyalashtirilishi uchun ularga qonunda ko’zda tutilgan hollarda va tartiblarda byudjet mablag’i ajratilishini ta’minlaydi. Saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar va siyosiy partiyalarning qandaydir xorijiy, shu jumladan, chet el jismoniy va yuridik shaxslari, xalqaro tashkilotlar, xalqaro ijtimoiy harakatlar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslardan xayriyalar olishiga yo’l qo’yilmaydi.

Saylovda ishtirok etadigan barcha nomzodlar, siyosiy partiyalar qonun hujjatlariga muvofiq o’z tashviqotini olib borishi uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishlari, radioeshittirish, teleko’rsatuvlarda saylovoldi dasturlari bilan chiqishlari uchun davlat tomonidan teng va adolatli shart-sharoit kafolatlangan. Tashviqot faoliyatini yuritishda ommaviy axborot erkinligi suiiste’mol qilinishiga, shu jumladan, davlatning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan, xalqning sog’ligi va ma’naviyatiga tajovuz qiladigan, urush, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib etadigan, konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kamsitishga qaratilgan da’vatlarga yo’l qo’yilmaydi.

O’zbekiston saylov qonunchiligida saylovlarda milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi tamoyili mustahkamlangan. Saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda, qonunda belgilangan tartibda har bir nomzod, har qaysi siyosiy partiyadan bittadan kuzatuvchi qatnashish huquqiga egadir. Kuzatuvchilarning huquqi va majburiyatlari qonunda belgilab qo’yilgan.

Saylov qonunchiligida fuqarolarning o’z saylov huquqlari va erkinliklari buzilganligi ustidan shikoyat qilishi va buning uchun tegishli javobgarlik tamoyili ko’zda tutilgan. Fuqaroning saylov huquqlari va erkinliklari buzilgan taqdirda jabrlangan shaxs yoki shaxslar sudlarga murojaat etish huquqiga ega, qonunda va boshqa qonun hujjatlarida taqiqlangan harakat (harakatsizlik)ni sodir etganlikda ayblangan shaxslar esa qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.

O’zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatning to’laqonli a’zosi sifatida yuqorida sanab o’tilgan saylov to’g’risidagi xalqaro andozalarni, fuqarolarning saylovga doir huquq va erkinliklarini e’tirof etadi va mamlakatda demokratik saylovlar o’tkazish borasida saylovga doir huquq va erkinliklar kafolatlanishini yanada kuchaytirish uchun izchillik bilan qonunlar qabul qilish va tegishli chora-tadbirlarni qo’llash yo’lidan dadil boraveradi.

Mamlakatimiz mustaqilligi asoschisi, marhum Yo’lboshchimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, "Biz o’z taraqqiyot yo’limizni Konstitutsiya asosida belgilab oldik, demokratik printsiplarni qaror toptirishda huquqiy poydevor barpo etdik. Endi ana shu poydevor ustida fuqarolar erkinligini ta’minlovchi demokratiya binosini tiklashimiz lozim."

Isoq MARDONOV, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy hakamlik sudi raisi, yuridik fanlari nomzodi, dotsent.

Orqaga Chop Etish  548 |   07-11-2016




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 31
  • Ko`rib chiqilmagan: 14
  • Ko`rib chiqilmoqda: 10
  • Ko`rib chiqilgan: 7

25-06-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 8 ta

navigation