Buxoro Viloyati Hokimi
Barnoev O'ktam Isaevich
virtual qabulxonasi
Bosh sahifa /  Deputatlar faoliyati /  Zamonaviy irrigatsiya—taraqqiyot omili
Zamonaviy irrigatsiya—taraqqiyot omili

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda Yurtboshimiz rahnamoligida qishloq xo’jaligini yanada rivojlantirish, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratildi. Sohada keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilib, yer undan samarali foydalanish salohiyatiga ega bo’lgan haqiqiy mulk egalariga berildi.

Albatta, qishloq xo’jaligi rivojlanib, mahsulot ishlab chiqarish hajmi bir necha barobarga oshishida ko’pgina omillar qatorida erlarning barqaror suv ta’minoti yo’lga qo’yilishi va obihayotdan oqilona foydalanilishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Buxoro viloyati sug’orma dehqonchiligi gidroresurslarga bo’lgan ehtiyojining qariyb 99 foizi Amudaryo hisobiga to’g’ri keladi. Vohamizga suv mazkur daryo orqali Amu-Buxoro mashina kanalini viloyatlararo ishlatish boshqarmasiga qarashli yirik nasos stantsiyalari yordamida bir necha bosqichda 120 metr balandlikka uzatilgan holda etkazib beriladi.

Boshqarmamiz tizimi 11 ta nasos stantsiyasi, 13 ta yirik suv taqsimlagich gidrotexnik inshooti, umumiy uzunligi 342 kilometrdan iborat magistral kanallar hamda Quyimozor va To’dako’l suv omborlarini o’z ichiga olgan ulkan irrigatsiya tarmoqlari majmuasi hisoblanadi. Ularda 1430 nafardan ziyod muhandis-texnik va ishchi-xodimlar mehnat qiladi.

Qishloq xo’jaligining obihayotga bo’lgan ehtiyojini sifatli ta’minlash irrigatsiya inshootlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bevosita bog’liq. Mustaqillik yillarida bu sohani rivojlantirish qamrovli Davlat dasturida ustuvor yo’nalishga aylandi. Tizim ob’ektlarini rekonstruktsiya qilish va qayta qurishga davlat investitsiyalari va xorijiy sarmoyalar ko’plab jalb etilmoqda.

Ana shuning samarasida Qorovulbozor va Quyimozor nasos stantsiyalarida jismonan va ma’nan eskirib, xizmat muddatini o’tab bo’lgan suzuvchi nasos stantsiyalari o’rniga energiya tejamkor yangi nasos stantsiyalari qurildi. Bu esa viloyatning qator tumanlari ekinzorlari suv ta’minotini keskin yaxshilash imkonini yaratdi.

Ta’kidlash kerak, Prezidentimizning 2015 yil 25 avgustda qabul qilingan "Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini qayta tiklash" loyihasini amalga oshirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi qarori Buxoro va Navoiy viloyatlari ekin maydonlari suv ta’minotini yanada yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Unda "Amu-Buxoro-1"nasos stantsiyasini qayta qurish, "Amu-Buxoro-2", "Quyimozor", "Qiziltepa", "Qiziltepa-1" nasos stantsiyalari va 8 ta gidroinshootni qayta tiklash ko’zda tutilgan. Ana shu maqsadlarga jami 400 million AQSh dollaridan ziyod mablag’ sarflanadi. Bu loyiha 40-50 yildan buyon ishlab kelayotgan ish unumdorligi past nasos agregatlarini yangi, zamonaviy iqtisodiy samaradorligi yuqori bo’lgan uskunalarga almashtirish tadbirlarini o’z ichiga olgan. Bunyodkorlik rejalarini amalga oshirish 2017 yildan boshlanadi. Ana shunday ko’lamdagi loyihalarni besh-olti yil mobaynida amalga oshirish mumkinligini mustaqillikdan oldin tasavvur qilib bo’larmidi? Yo’q, aslo! Faqat barqaror va yuqori iqtisodiy o’sish sur’atida rivojlanayotgan mamlakatgina bunga qodir. O’zbekiston Yurtboshimiz rahnamoligida ana shunday davlat darajasiga ko’tarildi. Buni dunyo tan olmoqda.

Bizda irrigatsiya inshootlari agregatlariga xizmat ko’rsatadigan zamonaviy mutaxassis kadrlarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Birgina o’tgan yili boshqarmadagi tizim tarmoqlari xodimlari safiga 13 ta magistr, 15 nafar bakalavr va 35 nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchisi qabul qilinib, "usta-shogird" an’analari asosida ishlayapti.

Bugungi kunda jahonda oziq-ovqat xavfsizligi muammosi ko’ndalang bo’lib turgan bir paytda mamlakatimizda bu borada ham samarali ishlar olib borilayotir. Ushbu ishga nafaqat qishloq xo’jaligi xodimlari, balki har bir korxona jamoasi o’z hissasini qo’shmoqda. Boshqarmamizning Olot, Qiziltepa tumanlari bo’linmalari, avtotransport korxonasi, elektr tarmoqlari boshqarmasi, "Quyimozor" va "To’dako’l" suv omborlari hamda qator suv taqsimlash inshootlarida yordamchi xo’jaliklar va intensiv bog’lar tashkil etildi. Birgina o’tgan yili 86 tonna don, 11 tonna kartoshka, 35 tonna poliz va sabzavotlar, qovun-tarvuz, ko’plab dukkakli ekinlar hosili olindi. Joylarda issiqxonalar qurilib, ularda pomidor va bodring etishtirildi. Bu mahsulotlar ishchi-xizmatchilarga bepul tarqatildi. Bundan tashqari, tashkilotlarimiz yordamchi xo’jaliklarida 560 bosh chorva mollari, ko’plab parrandalar parvarish qilinyapti. Umumiy maydoni 4,3 gektardan iborat suv hazalarida baliqchilik tashkil etilgan.

Ulkan irrigatsiya tizimi rahbarligi barobarida deputat va ayniqsa, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi sifatida ham zimmamga katta mas’uliyat yuklatilgan. Qabul qilinadigan qonunlar hududlarni ijtimoiy–iqtisodiy rivojlantirish tamoyil va xususiyatlariga hamohangligi, ushbu qonunlarning joylardagi ijrosini o’rganish senatordan faollikni, doimo saylovchilar, jamoatchilik bilan yaqin aloqada bo’lishni talab etadi. Ta’kidlash kerakki, men nafaqat o’zimga ishonch bildirgan saylovchilar bilan, balki, kundalik faoliyatim davomida boshqa hududlar aholisi vakillari bilan ham uchrashib, ularni qiziqtirayotgan, tashvishga solayotgan masalalarni o’rganib, muammolar echimini daxldor tashkilotlar e’tiborini qaratgan holda topishga harakat qilaman.

Senator so’rovi bilan tegishli korxonalar va rahbarlarga murojaat qilinishi tufayli Olot tumani hududidagi nasos stantsiyalariga boruvchi uchta yo’l, shuningdek, Amu-Buxoro kanali orqali o’tuvchi temir-beton ko’prigi ta’mirlandi. G’ijduvon tumanidagi 8-, 10-umumta’lim maktablari, Jondor tumani markaziy kasalxonasida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida tik quduqlar o’rnatildi. Jondor tumanidagi "Xumin" qishloq fuqarolar yig’ini hududida bolalar sport maydoni ishga tushirildi. Umumiy uzunligi 3 kilometr bo’lgan "Navoiy" arig’i mukammal ta’mirlanishi natijasida fermer xo’jaliklari ekin maydonlariga suv limit darajasida yetkazilmoqda.

Boshqarmamiz ijtimoiy masalalarni hal etishda homiylik yordami ham ko’rsatmoqda. Kogon tumanidagi "Saroy" qishloq vrachlik punktini ta’mirlashda, "Gulxan" bolalar oromgohini mavsumga tayyorlashda, shuningdek, viloyat nogironlar uyi, ko’zi ojizlar jamiyatiga moddiy ko’mak berildi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, uning muhim qadriyatlaridan biri milliy sport o’yinlari, ayniqsa, kurash sport turimiz tobora rivojlanib, jahon miqyosida munosib e’tirof etilmoqda. Respublikamiz, jumladan, buxorolik polvonlar jahon chempioni unvonlariga sazovor bo’lib kelishayotir. Men bir necha yildan buyon boshqarib kelayotgan O’zbek kurashi federatsiyasining viloyat bo’limi kurashni ommaviylashtirishga, polvonlarimizning xalqaro turnirlarga qatnashishiga amaliy yordam ko’rsatib kelmoqda.

Yaqinda Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi tomonidan ma’qullangan yangi qonunlar va boshqa hujjatlar targ’ibotiga bag’ishlangan tadbirda ishtirok etar ekanman, bir holat e’tiborimni tortdi. Davrada qatnashayotgan yoshlar ushbu qonunlar haqida savol beribgina qolmay, o’z nuqtai nazarlarini ham bayon etishdi va viloyat irrigatsiya tizimining istiqboli haqida so’rashdi. Demak, navqiron avlodning dunyoqarashi keng. Ular ijtimoiy faol va daxldor. Bu jihatdan yoshlarimiz o’zlarining chorak asr oldingi tengdoshlaridan ustun. Bu juda muhim.

Razzoq OSTANOV, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi, Amu-Buxoro mashina kanalini viloyatlararo ishlatish boshqarmasi boshlig’i

Orqaga Chop Etish  377 |   04-08-2016




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 23
  • Ko`rib chiqilmagan: 6
  • Ko`rib chiqilmoqda: 8
  • Ko`rib chiqilgan: 9

25-03-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat соат 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 8 ta

navigation