Buxoro viloyati hokimi
Barnoev O'ktam Isoevich
virtual qabulxonasi
Bosh sahifa /  Ma`lumotlar /  Ko`hna va boqiy Buxoro
Ko`hna va boqiy Buxoro

Uch ming yildan ziyod tarixga ega Buxoro jahon tamadduniga beqiyos hissa qo`shgan shaharlardan biri. Qadimdan ilmu ma’rifat, madaniyat maskani bo`lgan bu go`sha ta’rifi butun olamga yoyilgan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Yurtboshimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, madaniy merosni, ayniqsa tarixiy-memoriy obidalarni asrash, ularni kelgusi nasllarga yetkazish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Masjidi Kalon, Chorbakr, Ark qal’asi kabi qator asori atiqalar ta’mirlanib, asl qiyofasiga keltirildi. Bevosita Prezident I.Karimov tashabbuslari bilan tasavvuf namoyandalari, Naqshbandiya tariqati asoschilari Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod etildi.

Ayniqsa, Buxoro madaniy markazi bunyodkorlik ishlari doirasida alohida o`rin egallaydi. Prezidentimiz tashabbusi va g`oyasi asosida barpo etilgan 107 gektardan iborat madaniy markaz yirik inshootlar – 700 o`rinli viloyat musiqali drama teatri, 2000 tomoshabinga mo`ljallangan amfiteatr, ular o`rtasida esa “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumentidan iborat.

Madaniy markaz turli burchaklaridan boshlangan yo`laklar balandligi 18 metrli “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumentiga kelib tutashadi. Monumentni taniqli haykaltarosh, O`zbekiston san’at arbobi Ilhom Jabborov ishlagan.

Obida zinapoyalari orqali ko`tarilganda, diqqatingizni monument tevaragida zarhal koshinlar tortadi. Unda Buxoroning tuprog`i oltinga teng, degan ma’no mujassam. Chunki Buxoro azaldan oltin makoni bo`lgan. Asl va toza oltin konlari, yombilar shu yerdan topilgan. Ayni chog`da monumentda nafaqat Buxoroning oltin zamini oldida, balki Buxoroni sharif shaharga aylantirgan uning fidoyi, mehnatkash odamlari oldida bosh egish kerak degan g`oya ifoda etilgan. Bu zamin kishilari ezgu ishlari bilan tilga tushganlar. Buyuk olim Abu Ali ibn Sino, tarixchi olim Narshaxiy, islom dini ravnaqi va madaniyatiga beqiyos hissa qo`shgan Imom Buxoriy, tariqat allomalari Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Orif Regariy, Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy kabilar, shuningdek, millatimiz adabiyoti, madaniyati taraqqiyotida munosib iz qoldirgan Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo`jayev, xalqimizning boshqa asl farzandlari yetishib chiqqan. Ularning nomlari obidada zarhal harflarda naqshlangan. Bu bitiklar yuqorisida “Ilm o`rganmoq har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan hadis o`zbek, arab va ingliz tillarida yozilgan. Ajdodlarimiz va ularning bugungi vorislari bu da’vatni hayot mazmuniga aylantirishgan. Buxoroning dunyoda ilm-ma’rifat maskani sifatida shuhrat qozongani bejiz emas.

Xuddi shu yerda Buxoroning ko`hnaligidan darak berguvchi me’moriy yodgorliklari –Mag`oki Attor, Ismoil Somoniy, Chorbakr, Minorai Kalon, Ark qal’asi, Labihovuz, Chorminor, Bahouddin Naqshband maqbarasi boshqa qator obidalari tasviri toshda muhrlangan. “Dil va yoru, dast ba kor”—ulug` pir Bahouddin Naqshbandning monumentga bitilgan bu hikmati donishmand ajdodlarimizning qoldirgan ulkan ma’naviy merosning o`ziga xos namunasi sifatida ko`zga tashlanish barobarida bugungi avlodni mazkur da’vatga amal qilishga chaqiradi.

Eskizlari bevosita Prezidentimiz g`oyalari asosida tayyorlangan monument markazida uch avlod—baxtiyor yosh oila—ota, ona va bola, nihol o`tqazayotgan bobo va nabira hamda uy qurayotgan ota va o`g`ilning barelefli haykallari aks ettirilgan. Bunda chuqur falsafa bor: hayot adabiy, umr o`tkinchi, insonning ezgu amallari mangu qoladi, bu dunyoda inson ezgu ishlar qilmog`i, farzandlari kelajagini, el-yurtining ertasini o`ylamog`i kerak.

Obida tepasiga o`rnatilgan balandligi 5 metr, vazni 32 tonnadan iborat, aylanib turuvchi ulkan Yer shari uzoq-uzoqlardan ko`zga tashlanadi. Unda O`zbekistonimiz xaritasi tasvirlangan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, dunyo bilan yuzlashdi, jahon hamjamiyatida o`z o`rnini egalladi, degan teran ma’no ifodalangan. Ushbu obida milliy ma’naviyatimizning monumental ifodasidir.

Istiqlolning dastlabki yillarida respublikamizda qator teatrlar rekonstruktsiya qilinib, ijodiy jamoalar ixtiyoriga topshirilgan edi. Buxoro davlat musiqali drama teatrining madaniy markazdagi muhtasham binosi so`nggi chorak asrda mamlakatimizda poydevordan qurilgan yagona teatrdir. San’atkorlar va tomoshabinlarning bir necha avlodi armonlari ro`yobga chiqib, barpo etilgan bu teatr o`zining ko`rkamligi, zamonaviy sahna imkoniyatlari va yoritkichlari bilan jihozlangani, unda yaratilgan qulay shart-sharoitlari bilan Markaziy Osiyodagi eng go`zal san’at maskanidir.

“Ko`hna va boqiy Buxoro” monumenti, viloyat teatrining yangi binosi hamda zamonaviy loyiha asosida barpo qilingan amfiteatrni o`z ichiga olgan, gulzor va xiyobonlardan iborat madaniy markaz ham ular qatoridan o`rin olib, istiqlolimiz sharofati, xalqimiz qudrati hamda Prezidentimiz tashabbuskorligi va rahnamoligi bilan sharif shahar yanada go`zallashib, chinakam Sharq gavhariga aylandi.

“KO`HNA VA BOQIY BUXORO” PANORAMASIDA AKS ETTIRILGAN TARIXIY OBIDALAR

- Poykent (er.av. V asr)

- Varaxsha (I-VI asrlar)

- Mag`oki Attor masjidi (IX asr)

- Buxoro arki (V asr)

- Ismoil Samoniy maqbarasi (X asr)

- Minorai Kalon (1127 yil)

- Sayfiddin Boxarziy maqbarasi (XIV-XV asr)

- Xoja Abduxolliq G`ijduvoniy me’moriy majmuasi (XV asr)

- Mir Arab madrasasi (XIV asr)

- Bahouddin Naqshband majmuasi (XIV asr)

- Chorbakr (XIV asr)

- Labi Hovuz majmuasi (XVII asr)

- Chorminor (XIX asr)

“KO`HNA VA BOQIY BUXORO” PANORAMASIDA AKS ETTIRILGAN TARIXIY SHAXSLAR

- Abu Ali ibn Sino (980-1037 yillar)

- Imom Buxoriy (810-870 yillar)

- Muhammad Narshaxiy (899-959 yillar)

- Mahmud Torobiy (1238 yilda mo`g`ullarga qarshi ozodlik harakati rahbari)

- Xoja Abduxoliq G`ijduvoniy (1103-1179 yillar)

- Xoja Orif Revgariy (XIII asr)

- Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy (XIII asr)

- Xoja Ali Romitaniy (XIII asr)

- Boboi Samosiy (XIV asr)

- Amir Kulol (XIV asr)

- Bahouddin Naqshband (1318-1389 yillar)

- Ahmad Donish (1827-1897 yillar)

- Sadriddin Ayniy (1878-1954 yillar)

- Abdurauf Fitrat (1886-1938 yillar)

- Fayzulla Xo`jayev (1886-1938 yillar)

- Olim Xo`jayev (1910-1977 yillar)

- Mutal Burhonov (1916-2002 yillar)

Buxoro – jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri: 1997 yilda shahar o`zining 2500 yillik yubileyini nishonladi. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Bungacha shaharning boshqa bir necha nomlari bo`lgan. 


Ko`plab tarixchilar, tilshunoslarning fikriga ko`ra Buxoro so`zi sanskritcha “vixara” so`zidan kelib chiqqan bo`lib, “kal`a” degan ma`noni bildiradi. 
Arxeologik qazishmalar natijasiga asosan olimlar ushbu shahar eramizgacha bo`lgan davrda hududning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o`ynagan degan xulosaga keldilar. Buxoro Xitoydan Rimgacha olib boruvchi Buyuk Ipak yo`lining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan.

 

VIII asrda bu erda arab istilosi natijasida Islom dini joriy etilgan. Asta-sekin Buxoro eng muhim diniy markazga aylangan va tobora ko`proq “Buxoroi Sharif” deb atashgan.

 

Rivojlanish davrida shahar bir necha bor (forslar, arablar, mo`g`ullar tomonidan) vayron qilingan va tiklangan. Buxoroning o`ziga xos iqtisodiy va madaniy rivojlanishi Somoniylar va Shayboniylar boshqargan davrlarga to`g`ri keladi.

 

Hozirgi Buxoro (qariyb 300 ming aholi) O`zbekistonning boshqa shaharlari singari eski va yangi shaharga bo`lingan. Lekin bizning shahrimiz shak-shubhasiz ustunlikka ega: agar boshqa joylarda eski shahar qismida faqat tarixiy yodgorliklar bo`lib, hech bir aholi yashamagani uchun ochiq osmon ostidagi muzey sifatida qabul qilinsa, Buxoroda odamlar ming yillar ilgarigidek yashamoqdalar. Bu har bir kishiga shaharning boy tarixini tasavvur qilish imkonini beradi.

 

Shaharning yangi qismida ma`muriy binolar, maktablar, institutlar va sanoat korxonalari joylashgan. Siz 2500 yillik Buxoroning tor ko`chalarida kezishingiz va ko`k gumbazli hashamatli binolar hamda kichik loysuvoq uylardan zavq olishingiz mumkin.

 

X asrda qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasi Buxorodagi eng qadimiy va chiroyli yodgorliklardan biridir.U hozirgi paytda ham xuddi 1000 yil ilgarigidek chiroyli ko`rinishga ega. Somoniylar asli fors bo`lgan birinchi tojik hukmdorlaridir (eramizning 875-999 yillari). Ular poytaxti Buxoro bo`lgan buyu? davlatni barpo etishgan. O`sha davr qurilish, san`at turlari, matematika, geometriya, fizika singari aniq fanlarning yuksak darajada rivojlanishi bilan xarakterlanadi.

 

Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi Buxoro shahri hududida aniq hisob-kitoblarga asosan qurilgan dastlabki bino edi. Butun ilm ahli bu hisob-kitoblar qanchalik o`ta mantiqiy va shu bilan birga chiroyli chiqqaniga hali ham ajablanadi. Tikka, ko`ndalang, to`g`i burchak ostida terilgan pishiq g`ishtlar quyoshning turli darajadagi nurlari bilan yoritilgan. Maqbara devorlari naqshinkor quti yoki ba`zan majnuntol xivichlaridan to`kilgan savatga o`xshab ketadi.

 

Buxoroga safar qilsangiz siz albatta bu yodgorlikni borib ko`rishingiz lozim. Buxoro ahlining ishonchi komil: agar siz maqbarani ko`rmagan bo`lsangiz - siz Buxoroni ko`rmabsiz.

 

Ark qal`asi yuz yillar davomida Buxoro hukmdorlarining rasmiy yashash joyi bo`lgan. U balandligi 16-20 metr bo`lgan sun`iy tepalikda qurilgan. Qal`a maydoni qariyb 4 gektar. Odamlar ko`pincha uni “shahar ichida shahar” deb atashgan, chunki unda odatdagi shaharning hamma narsalari: ko`chalar, tor ko`chalar, saroy, masjidlar, ustaxonalar bor bo`lgan.

 

Qal`a bir necha bor vayron qilingan, ta`mirlangan va tiklangan. Afsuski, hozirgi paytga kelib, o`tmishdagi hashamatli Arkdan ozginasi qolgan. Ko`plab binolar 1920 yilgi istibdod voqealari davrida buzilib ketgan. Lekin, shunga qaramasdan Ark borib ko`rishga arziydi. Arkda joylashgan o`lkashunoslik muzeyida siz shahar tarixi, miliy urf-odatlar va an`analar to`g`risida ko`p qiziqarli narsalarni eshitasiz. Bundan tashqari qal`aning baland devorlari ustidan turib siz Buxoroning chiroyli qiyofasini tomosha qilishingiz mumkin.

 

Poi Kalon me`moriy majmui – barcha mehmonlar e`tiborini jalb qiladigan joy. Mo`g`ul davridan ancha ilgari, XII asrda barpo etilgan Kalon Minorasini deyarli hamma joydan ko`rish mumkin. XVI asrda uning yonida Masjidi Kalon va ro`baro`sida – Miri arab madrasasi qurilgan.

 

Musulmon bayramlarida minora tepasidan muazzinning solih musulmonlarni namozga chorlovchi ovozini eshitish mumkin edi. Qadim zamonlarda kechasi minora tepasida yoqilgan olovni uzoq-uzoqlardan ko`rish mumkin bo`lgan. Hozir, xuddi ilgari paytdagidek, minora eski shahar tepasida turibdi. Minora o`zining uygun shakllari va aniq chiziqlari bilan uzoqdan sizning e`tiboringizni tortadi. Agar siz minorani ko`rish sharafiga muyassar bo`lsangiz, uning aniq proporsiyalari va chiroyli terilgan g`ishtiga maftun bo`lasiz.

 

Masjidi Kalon – Samarqand shahridagi Bibixonim masjididan keyin O`rta Osiyodagi ikkinchi eng katta masjid. Musulmon bayramida masjidga 10 ming kishi sig`ishi mumkinligi o`z isbotini topgan. Masjidning usti ochiq yirik hovlisi, uning ajoyib peshtoqlari va usti yopiq ayvonlari unutilmas taassurot qoldiradi.

 

Masjidi Kalon ro`parasida joylashgan Miri Arab madrasasi proporsiyasi va simmetriyasi tufayli o`zidan keyin qurilgan masjidlar uchun hamisha namuna vazifasini o`tagan. Bo`lg`usi imomlar ta`lim olgan Miri Arab madrasasi ko`p yillar davomida sobiq sho`rolar ittifoqi davrida amal qilgan yagona madrasa bo`lgan.

 

Buxoroning markazi (16-17 asrlar). Labi Xovuz – Buxoro ahli va mehmonlarining sevimli joyi. Siz bu joyda eski qadrdonlarni uchratishingiz va yangi do`stlar orttirishingiz, o`tmishni esga olishingiz va kelajak hakida fikr yuritishingiz mumkin. Maydon o`rtasida katta hovuz bo`lib, uning atrofida turli binolar barpo etilgan: Ko`kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqosi.

 

Bu yerda eng eski bino - Ko`kaldosh madrasasi. XVI asrda Ko`kaldosh ismli vazir Buxoroda O`rta Osiyodagi eng katta madrasani qurish haqida buyruq bergan.

 

Nodir Devonbegi madrasasi joylashgan hududda karvon saroy qurish ishlari boshlangan. Keyinchalik Nodir Devonbegining rejalari o`zgargan va karvon saroy madrasaga aylantirilgan. Bu salbiy oqibatlarga olib kelgan: bu yerda talabalar uchun masjid ham, ma`ruza zali ham bo`lmagan – ular ko`zda tutilmagan. Lekin bu bino sirlangan sopol va chinni koshinlar bilan chiroyli bezatilgan. Buxoroda siz faqatgina shu madrasaning peshtoqida afsonaviy Semurg` qushi va inson yuzi aks etgan quyosh tasvirlarini ko`rishingiz mumkin. Yilning issiq faslida madrasa ichki hovlisida siz folklor tomoshasidan zavqlanishingiz mumkin. Tim qora tungi osmon, xazin va quvnoq maftunkor kuy... Siz “Ming bir kecha”ni boshqacha tasavvur eta olarmidingiz?

 

Hovuzning boshqa tomonida darvishlar uchun kichik mehmonxona - Nodir Devonbegi Xonaqosi joylashgan.

 

Markaziy Osiyo mintaqasida Buxoro islom markazi bo`lgan. Bu yerga ko`plab ziyoratchilar kelishgan, ular tunda qoladigan qo`nokka muhtoj bo`lganlar. Shu boisdan shaharda ko`plab kichik mehmonxonalar va karvon saroylar mavjud bo`lgan. Ehtimol, bu xonako dindorlar o`rtasida mashhur bo`lgan, chunki unda nafaqat uxlash uchun xonalar, balki namoz o`qish uchun katta masjid ham bo`lgan. Yuksak did bilan bezalgan eshik hovuz suvida aks etadi.

 

Labi hovuzga keling. Bu yerdagi choyxonada bir piyola ko`k choy iching, kun bo`yi shu joyda o`tirib, domino o`ynab, keksalar bilan suhbatlashing. Bu yerda siz shahar jamolini, uning aholisi mehmondo`stligini va milliy xarakteri xususiyatlarini boshqa joydagidan ko`ra ko`prok his qilasiz.

 

Shahardan taxminan 4 km. tashqarida Buxoro so`nggi amirlarining yozgi saroyi joylashgan. Saroy “Sitorai Moxi xosa” – Oy va yulduzlar o`rtasidagi joy deb, shoirona nomlangan. Saroyning me`moriy jihatdan tuzilishi faqat shu bois ham qiziqarliki, u XIX asr oxiri va XX asr boshidagi boylarning didini namoyish qiladi. Binolarning asosiy qismi turlicha qarashlarning aralash uslubid? qurilgan. Taxt o`rnatilgan xona istisno tariqasida milliy urf-odatlarga to`la mos ravishda bezatilgan. Undagi ajoyib nozik “ganch” o`ymakorligi sizning xotirangizda muhrlanib qoladi. Hozir bu yerda xalq amaliy san`ati muzeyi joylashgan bo`lib, unda siz ipak bilan tikilgan chiroyli so`zani, sopol buyumlar, ayollarning an`anaviy zargarlik taqinchoqlari, milliy kiyimlar va boshqalarni tomosh? qilishingiz mumkin.

 

Buxoroda boshqa ko`plab yodgorliklar mavjud, ularni sanab adog`iga yetib bo`lmaydi.

 
 
Orqaga Chop Etish  7599 |   04-09-2015




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 40
  • Ko`rib chiqilmagan: 1
  • Ko`rib chiqilmoqda: 5
  • Ko`rib chiqilgan: 34

19-09-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 4 ta

navigation