Buxoro Viloyati Hokimi
Barnoev O'ktam Isaevich
virtual qabulxonasi
Bosh sahifa /  Yangiliklar /  Istiqlolimiz—tayanch tog’imiz
Istiqlolimiz—tayanch tog’imiz

Mustaqillik bayramiga bag’ishlanib Buxoro shahrida o’tkazilgan tantanadan reportaj

Hayotda shunday ne’matlar borki, uning qimmatini biron-bir boylik bilan o’lchab bo’lmaydi. U nima deb so’­ralsa, har bir yurtdoshimizning bu — hurlik, ozodlik, mustaqillik, deb javob berishi aniq. Zero, respublikamizning 31 million 500 ming kishilik aholisi, shu jumladan 1,8 million nafarga yaqin viloyatimiz ahli bu ne’mat nashidasini o’z hayoti, taqdiri va baxtida yaqqol his etib turibdi.

YuNESKO tomonidan ­Tinch­lik shahri deb e’tirof etilgan Buxoroi sharifda yoki viloyatimizning qaysi bir go’shasida bo’l­mang, istiqlol sharofati bilan yuz bergan beqiyos o’zgarishlarni, ulkan  bunyodkorliklarni ko’rasiz. So’nggi 7 yil mobaynida viloyatimiz iqtisodiyotiga 9 milliard 50 million AQSh dollari hajmida investitsiyaning ki­ritilgani sanoat, qurilish, transport, qishloq xo’ja­ligi va boshqa sohalarda yuksalishlarning muhim omili bo’ldi.

Bugungi kunda viloyatda 80 dan ziyod katta-kichik to’qimachilik korxonasining faoliyat ko’rsatayotgani o’zimizda yetishtirilgan paxta tolasining salmoqli ­qismi shu hududda qayta ish­lanayot­ga­nidan guvohlik beradi.

Pilla, don, paxta va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlarini sotish bo’yicha shartnoma-rejalarini ­bajarishni an’anaga aylantirgan azamat dehqonlarimiz, mulkdor fermerlarimiz hayoti farovonlashmoqda, turmush sharoitlari shaharliklarnikidan qolishmayapti. Zamonaviy loyihalar asosida qishloq ahli uchun joriy yilda qurilgan 993 ta namunali uy-joy diyorimiz husniga-husn qo’shdi. Tumanlarda bo’lgan chet ellik ekspert va mutaxassislarning ana shunday uylar egasiga berilgan kredit va soliq imtiyozlari dunyoning hech bir mamlakatida yo’qligini qayd etganlari ham rost. Shuningdek, ular shahar va tumanlarda yangidan qurilgan maktablar, litseylar va kasb-hunar kollejlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, sport inshootlari mahobati va chiroyidan hayratga tushib, mamlakatimizda navqiron avlodning intellektual, madaniy-ma’rifiy va jismoniy kamoloti uchun beqiyos g’amxo’rliklar ko’rsatilayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildilar.

Bu o’zgarishlarning bari — ajdodlarimiz asrlar bo’yi orzu qilgan istiqlol sharofatidir. Shuning uchun ham xalqimiz, shu jumladan viloyatimiz ahli Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligini bugungi farovon hayotga, yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlikka shukronalik keltirish, O`zbekistonimiz taraqqiyotiga, uning buyuk kelajagini yaratishga o’z hissasini qo’shishga kamarbasta, qalbi iftixor tuyg`ulariga to’lgan holda bayram qilmoqda.

Bu tuyg’u va iftixor 29 avgust kuni oqshomda Buxoro shahrining Madaniy markazidagi ulkan amfiteatrda viloyat jamoatchiligining Istiqlol bayramiga bag’ishlangan asosiy tantanasiga to’plangan minglab kishilar har birining chehrasida aks etib turardi. Amfiteatr sahnasining “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi dizaynerlari tomonidan tayyorlangan bezaklari markazida bu yilgi bayram tadbirlarining asosiy g’oyasi—“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim—O’zbekistonim!” shiori rango-rang yog’dularda porlab turibdi.

Maydon uzra parvoz etgan chorlov musiqasi tantana boshlanganidan darak berdi. Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Muhiddin Esanov tadbir ishtirokchilariga qarata tabrik so’zi bilan murojaat etdi.

—Xalqimiz o’z erkini qo’lga kiritgandan buyon o’tgan tarixan qisqa davrda mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar natijasida huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish ­borasida katta yutuqlarga erishildi,—dedi viloyat rahbari.—Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o’zbek modeli” ­tufayli dunyoda yuz bergan va berayotgan moliyaviy-iqtisodiy sharoitda ham mamlakatimiz rivojlanishning yuqori sur’atlariga erishmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 107,2 foizga oshdi. Sanoatni rivojlantirish, uning salohiyatini oshirish bo’yicha belgilangan 217 ta loyihaning hayotga tatbiq etilgani tufayli qariyb 2 trillion so’mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu yilning o’tgan davrida korxonalarimiz tomonidan xorijga 200 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.

Qishloq xo’jaligida islohotlarning izchil amalga oshirilishi, davlatimiz tomonidan fermerlarning har tomonlama qo’llab-quvvatlanishi natijasida g’alladan mo’l hosil olindi. Bu yil viloyatimizda 401,3 ming tonnadan ziyod g’alla etishtirilib, davlatga 200 ming tonna don sotildi. Hosildorlik 61,2 sentnerga etdi.

Paxtakorlarimiz tabiat injiqliklarini matonat bilan yengib, mo’l hosil yetishtirdilar. Joriy yilgi xirmonimiz salmog’i ham o’tgan yildagidan kam bo’lmasligi aniq.

Prezidentimiz tomonidan 2015 yilning Keksalarni e’zozlash yili, deb e’lon qilinishi munosabati bilan ishlab chiqilgan Davlat va hududiy dasturlarda belgilangan tadbirlar ijrosiga hozircha 170 milliard so’m va 133 million AQSh dollari miqdorida mablag’ sarflandi. Navqiron avlodga, yosh oilalarga g’amxo’rlik ham oshirildi. Buxoro va Kogon shaharlari, G’ijduvon tumanida har biri 64 xonadondan iborat 3 ta “Kamolot” uyi yosh oilalarga berildi. Yangi maktab, kollej va sog’liqni saqlash ob’ektlari barpo etildi. Buxoro davlat universiteti, muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent ir­rigatsiya va melioratsiya ins­tituti Buxoro filiali bi­nolari kapital rekonstruktsiya qilindi.

Viloyat hokimi pirovardida O’zbekiston mustaqilligining 24 yilligi tantanalari arafasida Prezidentimiz Farmonlariga asosan Vatanimizning faxriy unvonlari, yuksak orden va medallariga sazovor bo’lgan buxoroliklarni, shuningdek, butun voha ahlini Istiqlol bayrami bilan qutladi hamda ularga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, mamlakatimiz taraqqiyoti, gullab-yashnashi yo’lidagi mehnatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining tantanavor ohanglari yangradi.

Bayramga bag’ishlanib, viloyatimiz va poytaxtlik san’atkorlar tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan kontsert dasturi namoyish etildi. ­

Dastur mehmonlari—poytaxtlik estrada xonandalari—Rashid Xoliqov, Dilfuza Rahimova va Alisher Fayzning dilbar va sho’x qo’shiqlari yuksak professional darajadagi ijrosi bilan kontsertga o’zgacha shukuh bag’ishladi.

Kontsert dasturining xotima qismida “Vatan” qo’shig’ining so’nggi akkordlari yangrayotganda “Ko’hna va boqiy Buxoro” monumentining ortidan lojuvard samoga turfarang mushaklar ko’tarilib, butun maydonni, tantanaga kelgan barcha kishilar, bolajonlar qalbini surur va nurga to’ldirdi.

Buguni va kelajagi Vatan va istiqlol bilan chambarchas bog’langan viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida O’zbekiston mustaqilligining shonli 24 yilligi ana shunday katta shodiyonalar bilan nishonlandi.

Abdujalil XALILOV

Orqaga Chop Etish  1537 |   04-09-2015




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 31
  • Ko`rib chiqilmagan: 14
  • Ko`rib chiqilmoqda: 10
  • Ko`rib chiqilgan: 7

25-06-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 8 ta

navigation