Buxoro Viloyati Hokimi
Barnoev O'ktam Isaevich
virtual qabulxonasi
Bosh sahifa /  Yangiliklar /  Konstitutsiya — milliy taraqqiyot va demokratiya kafolati
Konstitutsiya — milliy taraqqiyot va demokratiya kafolati

Suveren O’zbekistonning Konstitutsiyasi inson va fuqarolar huquqlarining demokratik xartiyasi bo’lib, huquqiy va insonparvar davlatni shakllantirishning strategik dasturidir. U katta ijtimoiy-siyosiy, yuridik va xalqaro ahamiyatga ega hujjatdir.

Konstitutsiya — xalqimiz zakosining durdona mahsuli, u yaratgan eng "nodir asar", hayot darsini beruvchi noyob hikmatlar kitobi, ijtimoiy turmushimiz mezonlarining majmui sifatida demokratik taraqqiyot yo’lidan yuksalib borayotgan jamiya-timiz uzra mayoq misol nur sochayotgan benazir huquqiy qadriyatdir.

Davlat va jamiyat hayotining huquqiy zamini, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlikning asosi Konstitutsiya sanaladi. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganidek, "Konstitutsiya biz uchun huquq, burch va majburiyatlarimiz majmuasigina emas. Balki, u hayotimizni farovon etish, uni chinakam qonuniy asosda qurish, o’z haq-huquqlarimizni ta’minlash, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini o’rnatishning hayotbaxsh manbaidir".

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o’zining ijtimoiy-yuridik salohiyati, mazmun-mohiyatiga ko’ra yurtimizda barpo etilayotgan demokratik davlatchilikning mustahkam huquqiy poydevoridir. Unda xalqimizning oliy irodasi, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi intilishlari, ezgu orzu-istaklari mujassam. Hozirgi kunda Konstitutsiyamiz istiqlolning buyuk ne’mati sifatida ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga o’zining ilhombaxsh ta’sirini o’tkazib kelmoqda. U yangi o’zbek davlatchiligi hamda adolatli fuqarolik jamiyati qaror topishining, ushbu ezgu maqsad yo’lida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning, jamiyatni modernizatsiya qilishning qonuniy zamini bo’lib xizmat qilib kelmoqda. Turmushimizda uning bunyodkor kuchi, ijtimoiy munosabatlarni batartiblashtiruvchi, barqarorlashtiruvchi ta’siri kundan-kunga ortib bormoqda. Shak-shubhasiz, Asosiy Qonunimiz jamiyatni birlashtiruvchi hamda bahamjihat etuvchi, keng xalq ommasini islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantiruvchi muhim omil sifatida maydonga chiqmokda. Konstitutsiyaning tahsinga molik o’ta muhim jihati shundaki, uning barcha qoidalari, butun ichki salohiyati huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishga yo’naltirilgan. Shu bois, biz qurayotgan jamiyat mamlakatimiz xalqi uchun munosib farovon turmushni, inson huquqlari va erkinliklari adolat mezonlari asosida kafolatlanishini, milliy qadriyatlarimiz va madaniyatimiz qayta tiklanishini, shaxsning ma’naviy-axloqiy kamolotini ta’minlashi shubhasizdir. Ushbu qoidalar Konstitutsiyamiz qonunlashtirib qo’ygan ulug’ qadriyatlardir.

Xalqimiz Bosh Qonunimizda tarannum etilgan demokratik qadriyatlar va ilg’or g’oyalar orqali ma’rifiy dunyoni anglayotgan bo’lsa, dunyo Konstitutsiyamiz orqali xalqimizning tabiati va olijanob fazilatlarini anglamoqda. Asosiy Qonunda o’zbekona xislatlar huquqiy ifodasini topgan. Qomusimiz muqaddimasidayoq xalqimizning demokratiya va ijtimoiy adolat g’oyalariga sodiqligi, muqim maqsadlardan biri—fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash ekanligini bayon etilishi uning qadr-qimmatini yanada oshiradi.

Qisqa tarixiy davrda iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar o’sdi, uning tarkibida sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga etdi. Jahon miqyosidagi global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, yalpi ichki mahsulotimizning o’sish sur’atlari oxirgi 11 yil davomida kamdan-kam davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo’lmasdan kelmoqda. Aytish kerak, 2016 yilning birinchi yarmi yakunlari bo’yicha hisob-kitoblar shuni ko’rsatmoqdaki, joriy yilda ham o’sish sur’atlarimiz bundan past bo’lmaydi.

O’tgan davr mobaynida odamlarimizning salomatligi mustahkamlanib, onalar o’limi 3,2 barobar, bolalar o’limi 3,4 barobar kamaydi. O’rtacha umr ko’rish darajasi 66 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o’rtasida 76 yoshga uzaygani, aholimizning soni 2016 yilning oxirigacha 32 milliondan oshib ketishi, ya’ni mustaqillik yillarida xalqimiz 12 millionga ko’paygani bizning qanday katta yuksalish yo’lini bosib o’tganimizni, el-yurtimizning hayot sifati va farovonligi o’sib borayotganini hayotimizning o’zi tasdiqlamoqda.

O’zbekiston yoshlarining dunyoda hech kimdan kam emasligini butun jahonga namoyish etgan mohir sportchilarimiz Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo’lib o’tgan XXXI yozgi Olimpiada o’yinlarida 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medalini qo’lga kiritib, mamlakatimizning aqliy va jismoniy salohiyatini namoyish etdilar. Dunyodagi 206 ta mamlakatdan kelgan manaman degan sportchilar bilan bo’lgan keskin bellashuvlarda o’g’lonlarimizning ko’rsatgan mardligi va fidoyiligi, mahorati va matonati, ona Vatanimizga muhabbati ming-minglab yoshlarimiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo’ldi, o’zimizga bo’lgan ishonchni yanada mustahkamladi, bizning to’g’ri yo’ldan ildam borayotganimizni amaliy isbotladi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin tub islohotlarning amalga oshirilishida va ijobiy natijalarga erishilishida mustaqil O’zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy asos bo’lib xizmat qildi. Aniqroq aytganda, mazkur Konstitutsiyamiz asosida 700 dan ortiq demokratik qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilinganligi tufayli va jamiyatimizda demokratik jarayonlar jadallashdi. Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari shakllantirildi, fuqarolar o’rtasida fikrlar xilma-xilligi, ko’ppartiyaviylik va saylov tizimi rivojlantirildi, fuqarolarning davlat va jamiyatni bosh-qarishdagi faolligi oshdi, xalq farovonligining yuksalishi ta’minlandi.

Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari borishda saylovlarning roli beqiyosdir. "Demokratiya" va "saylov" tushunchalari uzviy bog’liq. Bu tushunchalar bir-birini to’ldirish barobarida umuminsoniy qadriyat hamdir. Saylovlarsiz demokratik jarayonlarni tasavvur ham qilib bo’lmaydi. Tom ma’noda saylovlar demokratiya ko’zgusidir. Saylovlar orqali xalqning orzu-umidlari va intilishlari ro’yobga chiqadi. Jamiyatda tinchlik, barqarorlik ta’minlanishi demokratik saylov jarayonlariga ham bevosita bog’liq.

Saylov huquqi demokratik mohiyatiga ko’ra talqin qilinadigan bo’lsa, uni saylanadigan davlat hokimiyati organlarini shakllantirish tartibi va asoslarini belgilovchi huquqiy normalar yig’indisi, deb ta’riflash mumkin. Shuningdek, -fuqaroning saylanadigan davlat organini shakllantirishda qatnashishidan iborat bo’lgan sub’ektiv huquqini amalga oshirishning demokratik usulidir. Bu sub’ektiv huquqning muhim belgisi shundan iboratki, saylovlarda erkin qatnashish maqomiga ega bo’lgan shaxs qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va asosda saylash hamda saylanish huquqlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Saylov — ertangi kunimizni belgilaydigan xalq xohish-irodasining yuridik ifodasi. Saylov jamiyat va davlat taraqqiyotiga demokratik usulda erishishning huquqiy vositasidir. Saylov — fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan demokratiya darajasi va ko’rsatkichidir. Saylov—har bir davlatning demokratiya g’oyalariga sodiqligi timsoli.

Saylovlarning muntazam o’tkazilishi demokratik huquqiy davlatning muhim belgisi va doimiy hamrohi hisoblanadi. Demokratiya — bu xalq hokimiyatidir, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida ham "Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir" deb e’lon qilingan.

Mustaqil O’zbekistonning saylov qonunchiligi umume’tirof etgan xalqaro huquq normalariga to’la mos kelishi uning demokratik talab va standartlarga to’liq javob berishidan dalolat beradi. Jamiyatni demokratlashtirish jarayonida siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishning konstitutsiyaviy asoslari yaratilganligi demokratik jarayonlarning mamlakatimizda o’ziga xos va mos holda amalga oshirilayotganligini anglatadi. Mustaqil, konstitutsion organ sifatida Markaziy saylov komissiyasi o’zining butun faoliyati bilan saylov tizimining demokratik printsiplarini amalga oshirishga ko’maklashishga, saylovchilarning o’z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyatini ta’minlashga da’vat etilganligi saylov jarayonini qonuniy, oshkora, adolatlilik printsiplari asosida o’tkazishning muhim omili hisoblanadi.

2015 yilning dekabrida xorijiy va milliy tajribaga asoslangan holda "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunga jiddiy o’zgartirishlar kiritildi. Ushbu qonunning yangi normalari quyidagilarga yo’naltirilgan:

birinchidan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylov kampaniyasi davomida teng imkoniyatlar yaratish mexanizmlarining samarasini oshirish;

ikkinchidan, fuqarolarning saylov huquqlarini, ularning xohish-irodalarini erkin ifoda etishini ishonarli ta’minlash;

uchinchidan, saylov komissiyalari faoliyatining shaffofligini ta’minlash;

to’rtinchidan, saylovoldi tashviqotini olib borishning yangi shakllari va usullarini amaliyotga joriy qilish.

"O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunda quyidagi yangi qoidalar mustahkamlab qo’yilgan:

— O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod qilib ko’rsatilishi uchun talab etilgan imzo to’plash miqdori barcha saylovchilarning avvalgi 5 foizi 1 foizga kamaytirildi;

— "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari to’g’risida"gi Qonunda saylovoldi tashviqoti tushunchasi mustahkamlab qo’yilgan (28-modda);

— Qonun bilan "osoyishtalik kuni" o’rnatildi, ya’ni saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo’l qo’yilmaydi (28-modda);

— Saylovoldi tashviqoti samaradorligini oshirish maqsadida "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunning alohida moddasida 2007 va 2015 yillardagi Prezident saylovi kampaniyalarining tahlili hisobga olingan holda bu tashviqotning turlari, shakllari va uni o’tkazish usullari belgilab berilgan (28-moddaning 1-bandi);

— "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida"gi Qonunda muddatidan oldin ovoz berishning muddatlari va tartibi o’rnatilgan (31-modda);

— "Ovoz berish kuniga qadar qolgan besh kun ichida, shuningdek, ovoz berish kuni jamoat fikri so’rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini va o’tkazilayotgan saylov bilan bog’liq boshqa tadqiqotlarni nashr etish (e’lon qilish), shuningdek, ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan Internet tarmog’iga) joylashtirish taqiqlanadi" (7-modda);

— Saylov uchastkalarini qamoqda saqlash joylarida tashkil etish imkoniyati ko’zda tutilgan (10, 11, 23, 30-moddalar);

— Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chet el davlatlari, xalqaro tashkilotlar va harakatlar kuzatuvchilariga mandatlar berish borasida qaror topgan amaliyoti mustahkamlangan.

Mazkur qoidalar jamiyatda siyosiy barqarorlik va osoyishtalikni ta’minlash, davlat va jamiyatning demokratik yo’nalishda izchil rivojlanishini kafolatlaydi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq mamlakatimizdagi demokratik islohotlar yo’lini yorituvchi, yangi hayot va adolatli jamiyat yaratishning ishonchli asosi bo’lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyaning ijtimoiy qadr-qimmati, siyosiy-huquqiy ahamiyati jumladan, quyidagilarda namoyon bo’ladi:

Birinchidan, u davlatimiz mustaqilligini huquqiy jihatdan mustahkamlab berdi. Konstitutsiya mustaqil davlatning mohiyati, asosiy xususiyatlari, buguni, ertasi hamda kelajagini belgilab berganligi bilan qadrlidir.

Ikkinchidan, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilishda rivojlangan davlatlar konstitutsiyashunosligining ilg’or tajriba va yutuqlaridan keng foydalanilganligi uning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishi barobarida sifat darajasini yanada oshiradi. Bundan tashqari, Konstitutsiyamizni yaratishda xalqaro huquqning umume’tirof etgan normalariga qat’iy asoslanilgan.

Uchinchidan, Asosiy Qonun fuqarolarimizning manfaatlarini to’liq ifoda etadi. Insonning yuksak huquqiy maqomi, shaxsiy, siyosiy va mulkiy erkinligi mezonlarini belgilab, uning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy faolligini rag’batlantiradi.

To’rtinchidan, Konstitutsiyamiz xalqimizning tabiati va mentalitetiga xos tarzda yaratilgan. U o’zbek xalqining xususiyatlari, fazilatlari — iymon va insof, mehr-oqibat, shafqat va rahmdillik, ibo-hayo va andisha, or-nomus, eliga va yurtiga sadoqat, vatanparvarlik hamda milliy g’urur, huquqiy ongi va ma’naviy-madaniy qiyofasi bilan bog’liq qadriyatlar va g’oyalarni mujassamlashtirganligi bilan e’tiborlidir.

Beshinchidan, Konstitutsiyaning izchil hayotiyligi va zamon bilan hamnafasligi. Qomusimiz nafaqat bugungi kun ehtiyojlariga to’liq javob beradi, balki istiqbolga yo’naltirilgan faoliyatimizga ham rag’bat beradi. Unda fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, burchlari inson, jamiyat va davlat manfaatlariga uyg’un holda oqilona ifodalangan.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o’z ifodasini topgan eng muhim konstitutsiyaviy-huquqiy qadriyatlarni alohida sanab o’tish nihoyatda ahamiyatlidir. Asosiy Qonunimizda juda ko’plab milliy qadriyatlar o’zining oliy yuridik darajadagi tasdig’ini topgan. Konstitutsiya nafaqat xalqning ijtimoiy ongida qaror topgan ma’naviy-axloqiy, madaniy va ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarni mustahkamlaydi, balki taraqqiyot to’lqinida tug’iladigan yangi voqeliklar, zamonaviy g’oya va printsiplarni huquqiy tilda ifodalab, qadriyat sifatida muhrlab, xalq ongiga singdiradi, ularni jamiyatning aqliy-ma’naviy mulkiga aylantiradi.

Feruz BAFOEV, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti "O’zbekiston tarixi" kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar nomzodi.

Orqaga Chop Etish  615 |   25-11-2016




– Ishonch telefoni

(0-365) 222-22-22

Reglament
– Ish tartibi

Ish vaqti: 9:00 – 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 dan 14:00 gacha
Dam olish kuni: shanba va yakshanba

Reglament
– Viloyat hokimligining umumiy bo`limi

(0-365) 223-68-47

Reglament
search – Qidirish
– Murojaatlar statistikasi
  • Jami murojaatlar: 31
  • Ko`rib chiqilmagan: 14
  • Ko`rib chiqilmoqda: 10
  • Ko`rib chiqilgan: 7

27-04-2017
– Yangiliklarga yozilish
– Ishonch telefoni murojaatlar statistikasi
Jami murojaatlar – 1813

Baholar

A`lo: 503

Yaxshi: 354

Qoniqarli: 315

Qoniqarsiz: 641

– Ishonch telefon murojaatlar javoblari statistikasi
Jami murojaatlar – 1916.8
Ko'rib chiqilmoqda – 230
Javob berilgan – 1686.8
– Saytni ishlashini baholang
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasida o'tkaziladigan
QABUL KUNLARI
Viloyat Hokimi O'.I.Barnoev Juma va shanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat prokurori B.B.Valiev Seshanba va payshanba kunlari soat 14.00-16.00
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i S.H.Aliev Dushanba va chorshanba kunlari soat 14.00-16.00
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Saytda foydalanuvchilar soni: 7 ta

navigation